“Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusida maʼrifiy tadbir o‘tkazildi

0
1717

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusida maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Okrug ofitserlar, serjantlar tarkibi va Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirokida oʻtgan tadbirda Qarshi davlat universiteti hamda Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti professor ustozlari tomonidan jadidchilik harakati namoyandalarining maqsadlari, olib borgan faoliyati borasida maʼruzalar qilindi.

Xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotish uchun jonbozlik koʻrsatgan millat oydinlarining sermashaqqat mehnatlari hamda achchiq qismati aks etgan hujjatli film davomida ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilimlari yanada mustahkamlandi.

Munavvar qori Abdurashidxonov, Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi bilim mashʼalini baland tutgan insonlar borasida qilingan suhbat jarayonlarida yurt himoyachilari oʻz savollariga atroflicha javoblar olishdi.

Ustozlarga bildirgan fikr-mulohazalari hamda bilimlarni boyitishda qoʻshgan hissalari uchun okrug qoʻmondonligi tomonidan minnatdorlik bildirilib, tashakkurnomalar topshirildi.