Futbol boʻyicha Faxriylar oliy ligasida yana bir musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi

0
1364

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish, faxriylarimizni doimiy sportga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan futbol boʻyicha Faxriylar oliy ligasida yana bir qiziqarli musobaqa oʻz nihoyasiga yetdi.

Vatanimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari oʻgʻlonlarining yorqin xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Special Operations Forces Veterans Cup 2023” futbol musobaqasi shu yilning 12-noyabr kuni start olgan edi. Faxriylar oliy ligasi futbol jamoalari oʻrtasida ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqaning final bochqichi poytaxtimizdagi Mirobod tumani Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vaziri maslahatchisi – Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash raisi, isteʼfodagi polkovnik Abubakir Navroʻzov, Yoshlar siyosati va sport vazirligi vakillari, isteʼfodagi harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Chempionat “Oltin pley-off” va “Kumush pley-off” kabi ikki yoʻnalishda oʻtkazildi. “Kumush pley-off”da Toshkent viloyatining “Aviator” jamoasi zafar quchgan boʻlsa, “Oltin pley-off” yoʻnalishida “Intersport” jamoasi musobaqa kubogini boshlari uzra baland koʻtarishdi.

Musobaqa gʻoliblari, turli nominatsiya ilgʻorlari kubok, medal va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun, futbol boʻyicha faxriy professional va havaskorlar ishtirokida oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Faxriylar oliy ligasi 2022-yil 15-may kuni Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengashi, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriylari birlashmasi va Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi faxriylari kengashi tomonidan tashkil etilgan.