“Eng ilgʻor oliy harbiy taʼlim muassasasi” koʻrik-tanlovi yuqori saviyada oʻtkazilmoqda

0
2589

Xabaringiz bor, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida “Eng ilgʻor oliy harbiy taʼlim muassasasi” koʻrik-tanlovi yuqori saviyada oʻtkazilyapti. Jarayonlar esa borgan sari qizgʻin tus olmoqda. Albatta, koʻrik-tanlovdan kutilayotgan natija ham shunga yarasha.

Bunda, oliy harbiy ta’lim muassasalari nufuzi va taʼlim jarayonining samaradorligini oshirish, professor-oʻqituvchilar, tinglovchi va kursantlarning harbiy va professional mahoratini takomillashtirish maqsad qilingan. Shuningdek, ularning jangovar ruhi, intellektual qobiliyati va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish, oliy harbiy taʼlim muassasasalarida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga ham erishiladi.

Koʻrik-tanlovni oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan yoʻriqnomaga koʻra, u oʻquv, uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tarbiyaviy ishlar holatini, shuningdek, oʻtgan oʻquv yili yakunlari boʻyicha taʼlim jarayonida erishilgan natijalarini tekshirish va baholash yoʻli bilan joylarda oʻtkaziladi. Eng muhim jihati shundaki, koʻrik-tanlov doirasida faqatgina kursantlar emas, balki u yerdagi professor-oʻqituvchilarning ham bilim va mahoratiga baho beriladi.

“Chirchiq” dala-oʻquv maydonida koʻrik-tanlovning navbatdagi ishtirokchi jamoasi – Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi.

Dastlab uzoq masofaga marsh yurish amalga oshirildi. Marsh davomida ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalangan holda zararlargan hududdan betalafot oʻtish, shartli dushman hujumini muvaffaqiyatli qaytarish va uni zararsizlantirish kabi shartlar bajarildi. Shundan soʻng turli masofadagi nishonlarni oʻqotar qurollar yordamida yakson qilish, shuningdek mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha bilimlar sinovdan oʻtkazildi.

Shunday qilib, tanlovning xolis va shaffof oʻtishini taʼminlashga bosh-qosh boʻlayotgan komissiya aʼzolariga ham oson emas. Chunki vazirlik tarkibidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining bari gʻoliblikka munosib. Ular ichidan eng ilgʻori esa Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida eʼlon qilinadi va munosib taqdirlanadi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti