Muzaffar sportchimiz munosib kutib olindi

0
1135

Avval xabar berilganidek, yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, yarim marafon boʻyicha milliy rekord sohibi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchisi kichik serjant Shohrux Davlatov Ispaniyada o‘tkazilgan “Valencia Marathon Trinidad Alfonso” musobaqasida 2:07:02 (2 soat, 7 daqiqa, 2 soniya) natija qayd etib, marafon dasturida (42 km 195 metr) “Parij – 2024” Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Shijoatli va matonatli sportchimiz bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi. Hamyurtimizni Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, yaqinlari va keng jamoatchilik vakillari qarshi oldi. Ular sportchimizni Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan hamda 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida munosib ishtirok etishida omad tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shohrux Davlatov “Parij – 2024” Olimpiadasi uchun qo‘yilgan talabdan 1 daqiqa, 8 soniya yaxshiroq natija qayd etdi. Shuningdek, Shohrux ushbu ko‘rsatkich bilan 38 yil avval o‘rnatilgan milliy rekordni (2:13:28) ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur Olimpiadaga 15-yo‘llanmaga ega bo‘ldi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti