Samarqandlik yoshlar uchun “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini boshlandi

0
1150

“Jasorat maktabi” — avvalo hayotda yoʻlini topa olmayotgan, profilaktik hisobda turgan, bandligi taʼminlanmagan yoshlar uchun mo‘ljallangan loyihadir. Mazkur yig‘in davomida mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash g‘oyalarini chuqur singdirish, “Xalq va armiya – bir tanu, bir jondir!” degan ezgu tamoyil asosida yoshlarni birlashtirish maqsad qilingan.

Bugungi kunga kelib mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlida “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostidagi 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinlarini oʻtkazilishi anʼanaga aylandi.

Jumladan, Samarqandda ushbu yigʻinning navbatdagi mavsumi boshlandi. Ochilish marosimida Samarqand harbiy-maʼmuriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, IIB, DXX, Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari ishtirok etdi.

Yigʻinga viloyatning turli hududlaridan muqim ish joyiga ega boʻlmagan hamda ichki ishlar nazoratida boʻlgan yoshlar jalb etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislar tayyorlash markazida harbiy orkestr sadolari ostida tantanali ravishda kutib olingan yoshlar tibbiy koʻrikdan o‘tkazildi, so‘ng ularga harbiy liboslar tarqatildi va oʻzining qiziqishiga qarab kasb-hunar boʻyicha guruhlarga ajratildi.

Endilikda, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va kasb-hunarga oʻqitish hamda malakali kadrlar boʻlib yetishishlariga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan yigʻin doirasida ishtirokchilarga motivatsion treninglar, kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik koʻnikmalari malakali mutaxassislar tomonidan oʻrgatiladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati