Oʻzbekiston va Ozarbayjon harbiy shifokorlari tajriba almashmoqda

0
1626

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy harbiy klinik gospitalida Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda sohaga oid yangiliklar ustida tajriba almashildi.

Dastavval, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilov boshchiligida tanishuv va samimiy suhbat boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari harbiy gospitalda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Yurtimizda mehmon boʻlib turgan ozarbayjonlik delegatsiya aʼzolari oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan tibbiyot sohasi mutaxassislariga yuzlandi.

Amaliy tashrif davomida o‘zaro uchrashuvga moderatorlik qilgan Markaziy harbiy klinik gospitali boshligʻi tibbiy xizmat polkovnigi Hudoyqul Rahimqulov gospitalning uzoq yillik tarixi, islohatlar natijasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan buguni hamda kelgusida bajarilishi rajalashtirilayotgan ertasi haqida delegatsiya aʼzolariga prezentatsiya qildi. Unda 2022-yil bilan 2023-yilning 1-dekabrigacha oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlari solishtirilib, oʻtgan yilga nisbatan qariyib 2,5 ming marta koʻproq natija qayd etilgani ta’kidlandi.

Yurtimizda mehmon boʻlib turgan Ozarbayjon delegatsiyasining to‘rt kunlik tashrifining birinchi kuni oʻz yakuniga yetdi. Belgilangan dastur boʻyicha, keyingi kunlari Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining moddiy-texnik bazasi, oʻquv jarayonlari bilan tanishish, Toshkentning diqqatga sazavor joylari, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmui va muzeylarga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti