Jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar Nukus garnizonida mehmon boʻldi

0
405

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Nukus garnizonidagi harbiy qism kutubxonasida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishlarini taʼminlash, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini oshirish hamda imkoniyati cheklangan bolalar qalbida vatanparvarlik hissini kamol toptirish maqsadida “Birga kitob oʻqiymiz!” nomli tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Nukus shahridagi 10-sonli koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan nurli maskan davlat maktab internati oʻquvchilari hamda bir guruh askarlar ishtirok etdi.

Qiziqarli kechgan tadbirda askarlar tomonidan buyuk sarkarda Amir Temurning “Temur tuzuklari” oʻqib eshittirilgan boʻlsa, oʻquvchi-yoshlar tomonidan oʻzlari sevib oʻqiydigan ertaklar soʻzlab berildi. Shu kuni, oʻzbek va qoraqalpoq tillarida olib borilgan kitob haqidagi mazmunli suhbat unutilmas xotiralarga boy boʻlgani shubhasiz.

Tadbir soʻngida mehmonlar askar akalari hamrohligida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyi boʻylab sayohat qilib, olam-olam zavq va taassurotga ega boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati