“Bor mehrimiz senga, bolajon” donorlik aksiyasi

0
1066

Bugungi kunda nafaqat dunyo tibbiyotida, balki mamlakatimizda ham qon va qon mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj juda ham katta. Har kuni minglab insonlar donorlar qoniga muhtoj boʻladilar. Afsuski, qonni sunʼiy tarzda ishlab chiqishning imkoni yoʻq. Qon quyishga muhtoj har bir bemorning alohida qon guruhi va faktori borligi inobatga olinsa, unga faqatgina shu guruh va faktordagi qon quyilishi kerakligi hech kimga sir emas. Bunday holatlarda donorlarning oʻrni beqiyosdir. Asli lotin tilidan olingan “donor” soʻzi “hadya qilish” degan maʼnoni anglatar ekan. Qolaversa, donorlik ilmiy asoslarga koʻra, qon topshirayotgan kishining sogʻligiga ham juda foydali taʼsir etishi isbotlangan. Donorlik qon almashinishini taʼminlashi hamda muntazam ravishda qon topshiradigan insonlarda shamollash va grippga moyillik kam kuzatiladi, saraton va yurak-qon tomir kasalliklariga kamroq chalinadi. Donorlik insonning ruhiy holatiga ham foydali taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan bir necha yillardan buyon mamlakatimizda donorlarga boʻlgan eʼtiborni yuksaltirish, donorlik aksiyalarini keng ommalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunday aksiyalarda mamlakatimiz tinchligini koʻz qorachigʻiday asrab kelayotgan harbiy xizmatchilar ham muntazam ishtirok etyapti. Bugun ham poytaxtimizda joylashgan Respublika qon quyish markazida koʻngilli harbiy xizmatchilar qatnashib, bemor bolajaonlarning sogʻligʻini asrashdek savobli ishga oʻz hissalarini qoʻshishdi. Aksiya doirasida soha mutaxassislari tomonidan koʻngilli insonlarning bolalar uchun topshirgan qoni ularning dardiga shifo boʻlib, hayotga boʻlgan ishonchini yanada oshirishi taʼkidlandi.

Darhaqiqat, qon bu inson tirikligining asosidir. Uning qiymatini dunyoda hech bir narsa bilan taqqoslab boʻlmaydi. Tibbiyotda turli xil kasalliklar, favqulodda jarohat olgan insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar koʻp qon yoʻqotishi natijasida ularning hayoti qil ustida boʻlib qoladi. Bunday bemorlarni malakali mutaxassislar jahon andozalariga mos tajribalar asosida davolash barobarida donorlarning beminnat yordamlariga ham tayanadilar.

Aksiyada ishtirok etish istagida kelgan yurtdoshlarimizga partiya faollari tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari ulashildi.

Eslatib oʻtamiz, donorlar 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan, 55 kilogrammdan oshiq vaznga, ayollarda gemoglobin darajasi 120, erkaklarda esa 130 dan yuqori boʻlishi kabi talablarga javob beradigan sogʻlom insonlar boʻlishi lozim. Shunga muvofiq tarzda ayollar har uch oyda, erkaklar ikki oyda bir marta donorlik qilishlari mumkin va bir necha marotaba tibbiy hamda qon tekshiruvidan oʻtishlari lozim.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti