“Yangiariq” poligonida yangi obyekt foydalanishga topshirildi

0
1925

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, 22-26-noyabr kunlari Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bir necha kunlik safarbarlik yigʻini oʻtkazilishi belgilangan.

Yigʻinning birinchi kunida Xorazm viloyatidan qatnashayotgan ishtirokchilar viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ishtirok etayotganlar respublika mudofaa ishlari boshqarmasining yigʻin punktida jam boʻlishdi. U yerda mahalliy davlat va xoʻjalik organi rahbarlariga harbiycha ust-bosh kiyimlar tarqatilib, kun tartibi yetkazildi.

Shundan keyin yigʻin qatnashchilariga safarbarlik tadbirlari doirasida harbiy xizmatga majburlar va xalq xoʻjaligi texnikalarini yigʻin punktida qabul qilish, mudofaa ishlari boʻlimlarida boshqaruv punktini tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Ta’kidlash kerakki, 2021-yilda kapital taʼmir va rekonstruksiyadan chiqarilgan “Yangiariq” poligoni zamonaviy talablarga javob berib, xalqaro darajadagi oʻquvlarni oʻtkazish imkoni yaratilgan. Harbiy xizmatchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, xalqaro darajadagi tadbirlarni yuksak saviyada oʻtkazish hamda madaniy dam olishini taʼminlash maqsadida ushbu poligonda ilgari boʻsh turgan ming kvadrat metr maydonda muhtasham Maʼnaviyat markazi hamda mehmonxona majmuasi yaratildi.

Yangi obyektning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi – harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Joʻrabek Rahimov, harbiy okrug qoʻmondonligi, Senat aʼzosi, Nukus shahar hokimi Abat Daniyarov, safarbarlik yigʻini qatnashchilari ishtirok etdi.

Viloyat rahbari xavfsizlikka tahdidlarga qarshi samarali kurash olib borish, Qurolli Kuchlarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar xodimlari ishtirokida oʻtkaziladigan bunday yigʻinlar muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

Maʼnaviyat markazida mehmonxona, cheksiz internet hamda onlayn videoselektor oʻtkazish imkoniga ega boʻlgan brifing zali, xizmat va maishiy xonalardan iborat.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati