“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi”

0
1203

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Muqaddasdir vatan bayrogʻi” shiori ostida maʼnaviy-marifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda harbiy bilim yurti shaxsiy tarkibi hamda oʻquvchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar davlatimiz bayrogʻining yaratilish tarixi va qabul qilinishi haqida maʼlumot berdi. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 32 yil toʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan. Davlat bayrogʻi – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi.

– Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan, – deydi podpolkovnik Fayzulla Shermatov. – Milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

Tadbir soʻngida “Impuls” harbiy ansambl jamoasi tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar tadbir qatnashchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti