Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti 105 yoshda

0
2995

Bugun milliy armiyamizga tashkilotchilik va boshqaruvchilik koʻnikmalari hamda keng dunyoqarashga ega boʻlgan ofitserlarni tayyorlab berib kelayotgan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti tashkil etilganligining 105-yilligi keng tantana qilindi. Bilim yurtining bir asrdan koʻproq shonli tarixiga nazar tashlansa, tinchlik yoʻlida erishilgan yutuqlar salmogʻi qanchalik zalvorli ekanligiga guvoh boʻlamiz.

Ikkinchi jahon urushi tufayli 1941-yil Chirchiq shahriga evakuatsiya qilingan Xarkov tankchilar bilim yurti Toshkent tankchilar bilim yurti sifatida tashkil etilib, urush yillarida fashizmga qarshi kurashda matonat koʻrsatgan yetti mingdan ortiq tankchi ofitserlarni yetkazib berdi. Ulardan 78 nafari qahramonlik unovniga sazovar boʻlib, bilim yurti shonli tarixida oʻchmas iz qoldirdi. 1966-yil bilim yurtiga oliy taʼlim muassasasi maqomi berilib, oʻqish muddati toʻrt yilga uzaytirildi.

1993-yil 1-apreldan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan oliy harbiy taʼlim oʻquv dargohi kafedralarida olingan nazariy mashgʻulotlar dala mashqlari maydonida amaliyot sinovlaridan oʻtkaziladi. Bu jarayonda kursantlar jangovar va maxsus qoʻshin harakatlarini olib borish kabi oʻquv mashgʻulotlarini desantchilar jangovar mashinalari, oʻziyurar artilleriya qurilmalari, tanklar, zirhli transportyorlar, zenit qurollari, aloqa va boshqaruvning zamonaviy vositalarini qoʻllagan holda olib boriladi. Bilim yurtida Qurolli Kuchlarimiz va qoʻshni Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalari armiyasi uchun tank qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi, havo-desant qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi, terrorizmga qarshi kurash boʻlinmalari taktik qoʻmondonligi, maxsus operatsiya kuchlari boʻlinmalari taktik qoʻmondonligi, qoʻmondon-muhandislik zenit-raketa qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi hamda tank qoʻshinlari taktik muhandisligi kabi mutaxassisliklar boʻyicha ofitser kadrlar tayyorlab kelinmoqda.

Dastlab bilim yurti shaxsiy tarkibi saf maydonida tashkil etilgan bayram tantanasida saflandi. Saf maydoniga Oʻzbekiston Respublikasi va Mudofaa vazirligi bayroqlari tantanali tarzda olib kirildi. Davlatimiz madhiyasi sadolari ofitserlar, serjantlar, kursantlar, muddatli harbiy xizmatchilar va mehmonlar tomonidan joʻr ovozda ijro etildi. Shundan soʻng madaniyat saroyida Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida turli yillar davomida tahsil olgan hamda bugungi bayramga mehmon sifatida taklif etilgan generallar va ofitserlar ishtirokidagi bayramona dastur bilan davom ettirildi.

Mamlakatimiz va mintaqamizda oʻzining munosib nufuziga ega boʻlgan bilim yurti tashkil etilganligining 105-yillik bayram tantanasida boʻlgʻusi ofitserlarga saboq berish borasida sidqidildan mehnat qilayotgan, sharafli kasbini sadoqat bilan ado etayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari Mudofaa vazirligi, Toshkent harbiy okrugi qoʻmondonligi hamda bilim yurti boshligʻi tomonidan koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tadbirda shuningdek, mazkur oʻquv dargohida taʼlim olgan generallar, faxriy ofitserlar, mehnat faxriylari, Chirchiq pedagogika universiteti talabalari va maktab oʻquvchilari ishtirok etdi.

Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi bugungi tantanaga bayramona shukuh bagʻishladi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti