Harbiy xizmatchilar imkoniyati cheklangan bolalarni bayram bilan qutladi

0
906

13-noyabr – Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti qarori bilan butun dunyoda xalqaro koʻzi ojizlar kuni nishonlanadi. Sana munosabati bilan respublikamizning barcha hududlarida, xususan Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biri tashabbusi bilan shahardagi 10-sonli Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun maktab-internatida “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” deb nomlangan xayriya tadbiri oʻtkazildi.

Tadbir maktab oʻquvchilarini xushnud etgani, shubhasiz. Faollar zalida harbiy xizmatchilar, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari, xonandalar tomonidan kuy va qoʻshiqlar ijro etilib, davraga xushkayfiyat ulashildi. Tadbirda garnizondagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qism ham ishtirok etib, jismoniy imkoniyati cheklangan bolajonlarning koʻnglini esdalik sovgʻalari bilan koʻtarishdi.

– Yurtimiz himoyachilaridan koʻnglimiz toʻq, – deydi maktabning uzoq yillik oʻqituvchisi, “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni sohibasi Zarina Olimova. – Ular tez-tez maktabimizga tashrif buyurib, oʻquvchilarimiz bilan suhbatlashishadi, konsert dasturlari bilan ishtirok etishadi. Kuni kecha “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktab hovlimizga bolalar bilan birgalikda koʻchatlar oʻtqazishdi. Eʼtibor va gʻamxoʻrliklar natijasida yoshlarimiz orasida harbiylikka qiziqish ortib bormoqda. Barchasi uchun yurt oʻgʻlonlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Shu kuni harbiy xizmatchilar tomonidan maktab-internat oʻquvchilari uchun katta qozonda osh damlanib, bayramona dasturxon yozildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati