Nukusda “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi

0
744

Harbiycha hayot, harbiycha ust-bosh kiyim, harbiycha yurish-turish qoraqalpogʻistonlik “Jasorat maktabi” ishtirokchilari uchun haqiqiy hayot maktabiga, vatanparvarlik tuygʻularning shakllanadigan maskaniga aylandi.

Bugun, yoshlar orasida “Jasorat maktabi” haqidagi suhbatlar tez-tez quloqqa chalinadigan boʻldi. Bundan bir necha oylar avval boshlangan oʻn kunlik harbiy-vatanparvarlik yigʻini hayot yoʻlini toʻgʻri izga solmoqchi boʻlgan yoshlarga yoʻlkoʻrsatgich mayoq singari kelajak uchun ulkan rejalar bilan katta hayotga kirib borishiga xizmat qilmoqda. Yigʻin ishtirokchilari oʻn kun davomida shunchaki kun oʻtkazishi emas, balki belgilangan kun tartibi asosida mashgʻulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar oʻrganishi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashi, ilk harbiy koʻnikmalarga ega boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Tashkil etilgan yigʻinda yoshlar Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida 10 kun davomida joylashib, dastlab ularning salomatligi Nukus harbiy gospitalining malakali mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida tibbiy tekshirildi.

Ishtirokchilarga harbiycha ust-bosh kiyimlar berilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashgʻulot jadvali tanishtirildi. Harbiycha hayotga moslashuv jarayonining oson kechishini taʼminlash maqsadida guruhlarga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.

Mashgʻulotlar davomida yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik soatlari tashkil etilib, Nukus shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi oʻqituvchilari tomonidan kasb-hunar oʻrgatishga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar, pnevmatik miltiqdan oʻq otish kabi darslar oʻtkazildi. Davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida ular bilan turli sport oʻyinlari va musobaqalar, jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari oʻtkazildi. Madaniy hordiq olishlarini taʼminlash uchun oʻtkazilgan konsert dasturlari, gulxan atrofida davra suhbatlari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Taʼkidlash joizki, “Jizzax tajribasi” asosida boshlangan yigʻin Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari orasida ham katta qiziqishga sabab boʻlmoqda. Yaqinda, yigʻinning uchinchi mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi. Yuz nafar qoraqalpogʻistonlik yoshlar harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga qaratilgan ushbu maskan bilan xayrlasharkan, tashkilotchilarga ham oʻz minnatdorchiligini izhor etishdi.

“Jasorat maktabi” yigʻinining yopilish marosimi Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oldida oʻtkazilib, unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi rahbariyati, Oʻzbekiston yoshlar Ittifoqi hamda biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida boʻlib oʻtdi. Soʻz olganlar yigʻin bitiruvchilarini samimiy muborakbod etisharkan, kelgusida hayot yoʻllarida omad va zafarlar tilab qolishdi.

Yigʻin davomida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan yoshlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan fahriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi koʻrgazmali chiqishlari va faxriy qorovul vzvodining saf elementlari namoyishi, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestrining Vatanni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar, xushovoz xonandalarning diltortar navolari tadbirga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbir soʻnggida harbiy okrug va Milliy gvardiya tomonidan qurol-aslaha va texnika, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi  tomonidan texnik va amaliy sport turlarining koʻrgazmasi namoyish etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati