Nukusda “Jasorat maktabi” yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi

0
806

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yigʻilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalarni belgilab bergandi.

Shu asosda, masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinlari tashkil etib kelinmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida mazkur yigʻinning uchinchi mavsumiga start berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hududida boʻlib oʻtayotgan yigʻinga respublikaning jami 17 ta shahar va tumanlaridan 100 nafar yoshlar jalb etildi.

Yigʻin ishtirokchilarining har bir kuni harbiy askarning kundalik rejasiga muvofiq tuzilgan. Bunda, jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar, jumladan, avtoservis xizmati, gipsokarton va profnastil, santexnik va chilangarlik, umumqurilish ishlarini oʻrganish boʻyicha mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilgan. Mashgʻulotlardan tashqari, yigʻin tinglovchilari shaxsiy rivojlanishga qaratilgan psixologik treninglar, “Zakovat” oʻyinlari, biznes forum, taniqli insonlar bilan uchrashuvlar va sport musobaqalariga jalb etilmoqda.

Oʻn kunlik yigʻin yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, bilim va koʻnikmalari hamda maʼnaviyati va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashda va eng muhimi, kasbga yoʻnaltirmoqda.