Huquqbuzarliklar profilaktikasi va harbiy intizom holati tahlil etildi

0
940

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida joriy yilning 10 oylik davrida huquqbuzarliklar profilaktikasi va harbiy intizom holati tahliliga bagʻishlangan xizmat yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, harbiy qism komandirlari va muassasa boshliqlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar qoʻshinlarda harbiy intizomni mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan majmuaviy chora-tadbirlarning ahamiyati haqida toʻxtalib, profilaktik ishlarning samaradorligini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi. Yigʻilishda mazkur ishlarga masʼul ofitserlarning maʼlumot va hisobotlari tinglandi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida qoʻshinlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan 60 ga yaqin profilaktik tadbirlar, 12 marotaba savol-javob kechalari, huquqni muhofaza etish organlari hamda boshqa soha vakillari bilan 27 marotaba uchrashuv va davra suhbatlari, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari bilan besh marotaba sayyor qabul oʻtkazilib, har shanba kuni huquqiy axborotlarni yetkazish tadbirlari tashkil etildi.

Shuningdek, yigʻilishda qimorbozlik va tavakkalchilikka asoslangan onlayn totalizator oʻyinlarining odamlarni aldash mexanizmi va nayranglari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Tadbir davomida toʻplangan hisobot va axborotlar chuqur tahlil etilib, qoʻshinlarda huquqbuzarlik profilaktikasi va harbiy intizom holatini yanada yaxshilash boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati