Ellikqalʼaning vatanparvar yoshlari harbiy okrug tarixi bilan tanishdi

0
686

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabr kunidagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-3931-sonli qaroriga muvofiq, Ellikqalʼa tumanida “Boʻston inter akademiya” davlat xususiy sherikchiligi asosidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi 2019-yilda tashkil etildi. Taʼlim maskani bugun yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ayni paytda maktabda Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan jami 250 nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi bilan maktab oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻz navbatida yoshlar orasida harbiy xizmat nufuzini oshirish, ularda Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish va ularning salohiyatiga ishonch hissini shakllantirish, yoshlarning harbiy kasbni tanlashga koʻmaklashishda samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda maktab oʻquvchilari uchun harbiy okrug hududiga sayohat tashkil etildi. Qiziqarli va mazmunli oʻtgan ekskursiya davomida shimoliy sarhadlarning mudofaasini himoya qilayotgan yurt oʻgʻlonlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslaha koʻrgazmasi oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi. Harbiy qismning masʼul ofitserlari yoshlarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyi, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyati, harbiy qismlardagi sharoitlar haqida maʼlumot berishdi. Harbiylar bilan boʻlib oʻtgan jonli muloqot davomida yoshlar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi. 

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etishda harbiy qismlarga qilinayotgan sayohatlar, yurt himoyachilari bilan oʻtkazilayotgan uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy maqsad, ana shunday harbiylikka ixtisoslashtirilgan maktablarda taʼlim olayotgan yoshlarda harbiylikka, Vatanning himoyachisi boʻlishga boʻlgan qiziqishini orttirish, ularda harbiylik haqida tushunchalarni boyitishdan iborat.

“Vatan ulugʻ – burch muqaddas!” konseptual gʻoyani oʻzida mujassam etgan mazkur ekskursiya yoshlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etgani bilan ahamiyatli boʻldi. Tashrif davomida koʻpchilik bolalarning qalbida kelgusida harbiy boʻlish ishtiyoqi yanada alangaladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati