Moviy beret sohiblari aniqlandi

0
1194

Toshkent harbiy okrugida Mudofaa vazirligi havo-desant bo‘linmalarida xizmat qilish istagini bildirgan harbiy xizmatchilarni saralash sinovlari o‘tkazildi.

Besh kun davom etgan saralash tadbirlarida yurt posbonlari bir-biridan murakkab to‘siqlarni mardonavor yengib o‘tdilar. Dastlab chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarning mantiqiy tafakkuri va psixologik barqarorligi harbiy-kasbiy tanlovda test savollari orqali aniqlandi. Shuningdek, 100 metr va 5 kilometrga yugurish, turnikda tortilish singari majmuaviy jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi.

Nomzodlar jismoniy zo‘riqish to‘siqlari yo‘lagidan o‘tish me’yorini sabot bilan, muvaffaqiyatli bajardi. Mazkur bosqichdagi maxsus to‘siqlarni yenggan o‘g‘lonlar 15 kilometrlik masofaga yugurdi. Belgilangan vaqt davomida boks ringidagi qaqshatgich zarbalardan himoyalanib, g‘animlarga munosib raqib ekanini isbotlagan nomzodlar pichoq uloqtirish mashqini ham a’lo darajada uddaladi.

Saralash yakunida barcha sinovlardan yuqori natijalar bilan o‘tgan nomzodlarga tantanali ravishda moviy beret topshirildi. Bundan tashqari, ularning yangi lavozimga tayinlangani haqida mudofaa vaziri o‘rinbosarining buyrug‘i o‘qib eshittirildi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti