O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Koreyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqaning mutlaq g‘olibiga aylandi

0
7159

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi Koreya Respublikasida ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida ishtirok etib, eng yuqori natijani qayd etdi.

Mazkur musobaqa davomida jangovar harakatlar reallikka yaqin bo‘lishi uchun shahar va tog‘ hududlarida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda tomonlar qarama-qarshi kuch sifatida jang olib bordi. Unda asosan, dunyoning yetakchi davlatlaridan saralangan jamoalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi puxta va samarali tashkillashtirilgan tayyorgarlik natijasida musobaqa mobaynida jasurlik, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq, yuksak darajadagi kasbiy va ruhiy tayyorgarlik, shuningdek, shaxsiy tarkibning jipsligini namoyon etdi.

NATO standartlariga asoslangan ushbu musobaqaning 12 ta “jangi”da o‘zbekistonlik harbiylar 10 ta g‘alaba bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa AQSH hamda Koreya Respublikasi jamoalariga nasib etdi — to‘rttadan g‘alaba.

Bugun, 28-oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan harbiylarimiz tantanali ravishda kutib olindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti