Mudofaa vazirligi jamoasi “To‘maris izdoshlari” tanlovida g‘olib bo‘ldi

0
2829

Qurolli Kuchlar akademiyasida respublikamiz kuch tuzilmalaridagi harbiy xizmatchi xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari—2023” milliy tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva davlatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xotin-qizlarning mehnatini e’tirof etdi.

Jamoani tanishtirish, pazandalik, harbiy-tibbiy tayyorgarlik, otish tayyorgarligi, belgilangan masofaga estafeta yugurish hamda erkin uslubda 50 metr masofaga suzish mashqi boʻyicha bellashgan jamoalarning yakuniy natijalari bo‘yicha mazkur tanlovda Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi. Ichki ishlar vazirligi vakillari ikkinchi va Milliy gvardiya jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Sharafli kasbida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tanlov g‘oliblari diplom, pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng jonkuyar harbiy xizmatchi xotin-qizlar jamoasi”, “Eng namunali harbiy xizmatchi xotin-qizlar jamoasi”, “Eng faol va tashabbuskor harbiy xizmatchi xotin-qizlar jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari munosib rag‘batlantirildi.

Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi mamlakatimiz osoyishtaligi va daxlsizligini ta’minlashdek muhim vazifani o‘z zimmasiga olgan tanlov ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti