Ozarbayjon Respublikasi mudofaa vaziri rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi

0
3397

Ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Ozarbayjon Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Zokir Gasanov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Rasmiy tashrifning asosiy kunida dastlab mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamrohligida Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasini ziyorat qildi.

Shundan soʻng, delegatsiya vakillari tashrifning asosiy qismi boʻlib oʻtadigan “Buxoro” poligoniga yoʻl olishdi. Poligonda general-polkovnik Zokir Gasanov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Tashrif munosabati bilan faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

Ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishga qaratilgan rasmiy uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri hamkorlikda erishilayotgan yutuqlarga toʻxtalar ekan, oʻzaro yaqin doʻstona munosabatlar yangi strategik sherikchilik bosqichiga koʻtarilganligini qayd etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik har ikki davlat armiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy taʼlim va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa bir qator masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham fikr almashdilar. Hamkorlikni davom ettirish borasida istiqbolli takliflar bildirildi. Uchrashuv soʻngida esa tomonlar oʻrtasida 2024-yilga moʻljallangan harbiy hamkorlik rejasi imzolandi.

Ozarbayjon harbiy delegatsiyasining yurtimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti