Harbiy xizmatchilar oʻrtasida qoʻl jangi chempionati yakunlandi

0
1683

Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qism sport zalida tashkillashtirilgan qoʻl jangi boʻyicha chempionatning 2023-yilgi gʻolib va sovrindorlari aniqlandi. Mudofaa vazirligi qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va harbiy oliy taʼlim muassasalari kursantlari qatnashgan musobaqa odatdagiga koʻra 8 vazn toifasida jamoaviy hamda shaxsiy birinchilik boʻyicha oʻz yakuniga yetdi.

Sovrinli oʻrinlarga daʼvogarlik qilgan 250 nafarga yaqin qatnashchi uch kun davomida mazkur sport turi muxlislari uchun bir-biridan qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy janglarni taqdim etishdi. Bahslar -57, -62, -67, -73, -80, -88, -97, +97 kg vaznlarda tashkillashtirilib, 24 nafar harbiy xizmatchi musobaqaning oltin, kumush va bronza medallariga sazovor boʻldi.

Chempionat tashkiliy qoʻmitasi aʼzosi podpolkovnik Davlat Vahobovning taʼkidlashicha, musobaqa uzoq yillardan buyon oʻtkazilib kelinadi va harbiy xizmatchilarning jangovar, jismoniy imkoniyatlarini oshirishga asosiy eʼtibor qaratilgan. Bundan tashqari, chempionat gʻolib va sovrindorlari kuch tuzilmalari oʻrtasida oʻtkaziladigan Qurolli Kuchlar chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritish bilan birga, noyabr-dekabr oylarida Qozogʻiston Respublikasi mezbonlik qiladigan xalqaro turnirga saralanib olindi.

Musobaqaning yopilish marosimida gʻolib va sovrindorlarga dimlom, medallar hamda esdalik mukofotlari tantanali tarzda topshirildi. Jamoaviy hisobda musobaqaning bu yilgi kubogi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug jamoasiga nasib etdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti