Yangicha yondashuv asosida jangovar tayyorgarlik yuqori bosqichga olib chiqilmoqda

0
5359

“Nukus” umumqoʻshin poligonida yangicha usul va uslublar bilan olib borilayotgan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari yurt himoyachilarini toblab, kasbiy koʻnikma va oʻziga boʻlgan ishonchining ortishiga xizmat qilmoqda. Boʻlinma tarkibida qurol va harbiy anjomlar bilan uzoq masofalarga marsh yugurish orqali jamoaviy jipslik yanada shakllantirilib, jismoniy imkoniyatlari oshirilishiga erishilyapti.

Maʼlumki, mashaqqatli toʻsiqli yoʻlagidan oʻtish uchun kuchli jismoniy tayyorgarlik talab etiladi. Nostandart va noqulay toʻsiqlar oʻtuvchanligi past, koʻp jismoniy zoʻriqish talab etadigan yaqin jang maydonlarini eslatib, harbiy xizmatchilarda epchillik, chaqqonlik, chidamlilik xislatlarini oshirishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Mana shunday ogʻir va sinovli damlar har bir insonning nafaqat jimoniy, balki ruhiy zoʻriqishlarni qay darajada yengishini ham koʻrsatib beradi.

Poligon hududida bir necha kun davomida dala chiqishida ishtirok etgan boʻlinmalar merganlik mahoratlarini yuksaltirib, yuqori qavatlardan arqon yordamida tushish mashqlarini bajardi. Tugunlarni toʻgʻri bogʻlash, ehtiyot choralarini qoʻllash va texnika xavfsizligi talablariga rioya etgan holda yuqori qavatlardan arqon yordamida tushishni mashq qilgan oʻgʻlonlar mashgʻulotlardan imkon qadar koʻproq tajriba olishga erishdi.

Majmuaviy oʻq otish usullari zamonaviy jang hududida vazifalarni tez va sifatli bajarish, har xil qurollardan turli usullarda oʻq otishni hamda granata, pichoq va belkuraklarni nishonlarga uloqtirishni oʻrganishda oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Ushbu mashqlarni bajaruvchi harbiy xizmatchilarga qoʻshimcha yuklamalar berish hamda nostandart vaziyatlarda qanday yoʻl tutishini oʻrganish maqsadida mashgʻulot jarayonida ularga qoʻshimcha vazifalar berib borildi.

Jangovar yakkalik va juftlik, guruh tarkibida bajarilgan meʼyorlar vaqt hamda nishonlarga yetkazilgan talafot, kutilmagan vaziyatlarda berilgan topshiriqlarni bajarish sifati kabi mezonlar bilan baholab borildi. Tayyorgarlik mashqlarining sifatini oshirish, jamoada sogʻlom, raqobatbardosh muhitni ushlab turish hamda harbiy xizmatchilarda liderlik xususiyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida mashgʻulotlar kichik boʻlinmalar oʻrtasida musobaqa tarzida oʻtkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati