Nukusda harbiy texnikalar qishki mavsumda foydalanishga tayyorlanmoqda

0
3401

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda qoʻshinlardagi eng masʼuliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazishdan oldin koʻrgazmali mashgʻulot tashkil etildi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha tashkil etilgan koʻrgazmali mashgʻulotda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, okrug qoʻmondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini taʼminlash, ularni soz holatda saqlashda koʻrsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati taʼkidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼul ekanligi eslatildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati yurtimizning Shimoli-gʻarbiy tomonida joylashgani bois, qishning sovuq kunlari boshqa hududlarga qaraganda bu yerda barvaqt hamda shiddat bilan kelishi kutiladi. Shu uchun Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalarda jangovar va harbiy texnika hamda qurol-yarogʻlarni yozgi mavsumdan qishki mavsumda foydalanish uchun hozirlash ishlari boshqa hududlarga qaraganda oldin boshlanadi.

Mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida foydalanishga hozirlash uchun tashkil etiladi.

Tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga koʻra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari oʻtkaziladi, yoqilgʻi-moylash ashyolari yangisiga oʻzgartiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga oʻtkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati