GENERAL XOTIRASIGA

0
9496

2023-yil 15-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy ilmiy-amaliy ishlab chiqish markazi katta ilmiy xodimi, harbiy fanlar nomzodi, professor, iste’fodagi general-mayor Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov og‘ir kasallikdan keyin 73 yoshida vafot etdi.

Butun kuch va bilimini Vatanga fidokorona xizmat qilishga, Qurolli Kuchlarning jangovar qudratini mustahkamlashga bag‘ishlagan, yurtning sodiq farzandi olamdan o‘tdi.

A.V.Shishlyannikov 1950-yil 3-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Uning harbiy tarjimai holi haqiqiy jangovar ofitser va generalning yo‘lidir.

1971-yil Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagandan so‘ng, Chexoslovakiyadagi Markaziy qo‘shinlar guruhi va Germaniyadagi Gʻarbiy qo‘shinlar guruhi qismlarida xizmat qilgan. 1993-1995-yillarda Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

U butun umrini Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga bag‘ishladi. 30 yildan ortiq haqiqiy harbiy xizmati davomida Aleksandr Vladimirovich uning barcha bosqichlarini bosib o‘tdi: tank bilim yurti kursantidan tortib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining tezkor san’at va umumiy taktika kafedrasi boshlig‘igacha, Tojikiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri, leytenantdan-generalgacha.

A.V.Shishlyannikov qaysi bir lavozimda bo‘lmasin u xalq oldidagi burchini yuksak mas’uliyat hissi bilan bajardi, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga bor kuch, bilim va tajribasini sarfladi.

Chuqur bilim, topshirilgan vazifa uchun chuqur mas’uliyat hissi, g‘oyat mashaqqatli xizmat va yuqori qo‘mondonlik mahorati A.V. Shishlyannikovning o‘ziga xos xususiyatlari edi.

U o‘zini faol, tashabbuskor va shijoatli harbiy rahbar sifatida namoyon etdi, o‘ziga va qo‘l ostidagilarga nisbatan talabchan, odamlarga g’amxo‘rlik qildi, bu bilan esa u umuminsoniy hurmatga sazovor bo‘ldi.

General Shishlyannikovning akademiyada harbiy ilmiy faoliyatni shakllantirish va rivojlantirishda, umuman O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy fanni rivojlantirishda xizmatlari juda katta.

U 70 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, Qurolli Kuchlarning 20 dan ortiq ofitserlariga ilmiy rahbarlik qilgan. Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov o‘zining boy tajribasini O‘zbekiston harbiy olimlarining yosh avlodiga bergan. Bugun biz Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov ilmiy maktabi tarbiyalanuvchilarini faxr bilan tilga olamiz.

Uning faoliyati hamisha yuksak kasbiy mahorat va vatanparvarlikka asoslangan bo‘lib, hamkasblari va shogirdlari orasida so‘zsiz obro‘-e’tibor qozongan, faoliyati va ishlari doimo Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbariyatining talab darajasida bo‘lgan.

Ko‘p yillik halol, vijdonan xizmati va mehnati uchun Aleksandr Vladimirovich yuksak davlat mukofotlari, jumladan 3 ta orden va 50 dan ortiq medal hamda esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, harbiy fanni shakllantirish va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2019 yilda Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

General-mayor Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikovning yorqin xotirasi qalbimizda mangu saqlanib qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati Aleksandr Vladimirovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Aleksandr Vladimirovichni so‘ngi manzilga kuzatish 16-sentyabr kuni soat 11.00 da Chirchiq  oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti, manzil: Chirchiq shahri, Amir Temur ko‘chasi-15 (Toshkent viloyati)da bo‘lib o‘tadi.

Marosim rahbari – O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Sh.Gʻ.Xalmuxamedov.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi