Armiya va xalq birdamligi

0
952

“Armiya va xalq birdamligi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Har bir nuroniy oʻnta yoshga masʼul”. Bu kabi iboralar keyingi paytda mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga shu qadar singib bormoqdaki, buning natijasida yoshlar bandligini taʼminlash, ularni sport toʻgaraklariga jalb etish, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mahalla, hududiy hokimiyatlar, qolaversa Mudofaa vazirligi ham bevosita bosh-qosh boʻlmoqda.

Chirchiq shahar hokimiyati, shahar nuroniylar kengashi va Mudofaa vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan “Har bir nuroniy oʻnta yoshga masʼul” koʻrik tanlovi yuqoridagi fikrlarning yaqqol misolidir. Aranchi aholi punktida joylashgan harbiy qism majlislar zalida boʻlib oʻtgan koʻrik tanlovning shahar bosqichi harbiy xizmatchilar va mazkur bosqichda ishtirok etgan toʻrtta mahalla fuqarolar yigʻini aholisi, yoshlari uchun maroqli kunni taqdim qildi. Chunki tanlovda qatnashgan “Quyosh”, “Kamolot”, “Bobur”, “Yoshlik” mahallalar fuqarolar yigʻinlari raislari boʻlmish nuroniy otaxon va onaxonlar yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning oʻz usullarini shartlar oqali koʻrsatib berishdi.

Tanlov shartlari toʻrtta yoʻnalishda bajarilib, unda yuqorida nomlari qayd etilgan mahallalar fuqarolar yigʻinlari aholisi va yoshlari ham bevosita ishtirok etishdi. Mahallalarning sport, ijtimoy hayot, harbiy sohada yutuqlarga erishgan yoshlari yigʻilganlar eʼtiboriga oʻz iqtidorlarini namoyish etishdi. Sahna koʻrinishlari davomida yoshlar oʻzlarining harbiy hayotga qiziqishi baland ekanligini chiqishlari orqali amalda koʻrsatib berishdi.

Barcha shartlarda hakamlar hayʼati tomonidan eng yuqori – 5 ballik bahoga loyiq topilgan “Quyosh” MFY raisi Oʻktam Saidkamolov birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Qolgan oʻrinlar esa mos ravishda “Kamolot”, “Bobur”, “Yoshlik” mahallalar fuqarolar yigʻinlariga nasib etdi. Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Oʻktam Saidkamolov koʻrik tanlovning respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi. Gʻolib va sovrindorlarga Chirchiq shahar hokimligining diplomlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

– Koʻrik tanlovimizning shahar bosqichida sektorlardan tanlab olingan eng faol toʻrt nafar MFY raisi ishtirok etdi, – deydi Chirchiq shahar nuroniylar kengashi raisi Olim Yuldashev. – Guvohi boʻlganingizdek, bugungi tadbirda har bir mahalla fuqarolar yigʻini yoshlari, nuroniylar, hokim oʻrinbosarlari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishdi. Ular tomonidan namoyish etilgan chiqishlarda asosiy eʼtibor yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgani diqqatga sazavor. Garchi yoshlarimiz harakatlari harbiy xizmatchilarnikiga oʻxshamagan boʻlsada, koʻzlaridagi shijoat ularning kelgusidagi haqiqiy Vatan himoyachilari boʻlishidan dalolatdir.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting