Mudofaa vazirligi muhandis-texnik tarkibi Qoraqalpogʻiston va Xorazmda koʻnikmalarini oshirdi

0
1663

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari negizida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari muhandis-texnik tarkibi bilan oʻquv-uslubiy yigʻin boʻlib oʻtdi.

Unda Mudofaa vazirligi harbiy okrug, qoʻshilma, harbiy qismlarning zirhli tank, avtomobil va raketa-artilleriya xizmati boshliqlari, oliy harbiy taʼlim muassalarining professor-oʻqituvchilari, raketa-artilleriya qurol-aslahalarini saqlash omborxonalari hamda zirhli tank qurol va texnikalarini ishlatish boʻyicha masʼul shaxslar ishtirok etdi.

Bir necha kun davom etgan yigʻinda nazariy mashgʻulotlar bilan birga amaliy va koʻrgazmali mashgʻulotlar hamda nazorat-sinov mashqlari oʻtkazildi. Yigʻinga Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi kuch tuzilmalari muhandis-texnik taʼminoti mutaxassislari hamda Yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari ham jalb etildi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin zirhli tank qurol-aslaha va texnikalarni hisobini toʻgʻri yuritish, ekspluatatsiya qilish, saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha masʼullarning nazariy bilim va amaliy koʻnikmasini oshirish hamda xizmat samaradorligini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin rejasiga muvofiq, “Nukus” umumqoʻshin poligonida choʻl sharoitida mudofaa operatsiyasini olib borish davomida notanish hududda texnik kuzatuv punkti va taʼmirlash-evakuatsiya guruhining kunduzgi va tunggi sharoitdagi faoliyati koʻrsatilib, har bir obyektni jihozlash, hududga mos ravishda niqoblash hamda ishni tashkil etish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi. Har bir obyektda yigʻin ishtirokchilari tomonidan jarayonlar shaxsan bajarilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Navbatdagi manzil Xorazm viloyatidagi “Urganch ekskovator zavodi” aksionerlik jamiyati boʻldi. Unda mutaxassislar zavod infratuzilmasi, ishlab chiqarish jarayoni hamda milliy mahsulot va uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, bilimlarini boyitdi.

Shuningdek, yigʻin doirasida har bir ishtirokchidan jismoniy tayyorgarlik hamda harbiy topografiyadan nazorat sinovlari qabul qilinib, mutaxassislik boʻyicha bilim va koʻnikmalari tekshirildi.

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik boʻlmish Ichan-qalʼa, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat qilib, Nukus garnizoni hamda harbiy qismlarning maʼnaviyat va maʼrifat markazlari faoliyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Oʻquv-yigʻini yakunida sohaga oid qoʻshinlarda mavjud boʻlgan muammoli savol va murojaatlar tinglanib, ularning yechimi borasida takliflar ishlab chiqildi. Ilgʻor harbiy xizmatchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting