Xitoy harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi

0
1365

Hozirda Oʻzbekiston dunyoning yetakchi mamlakatlari armiyalari bilan mudofaa sohasida kadrlar yetishtirib chiqarish borasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib kelmoqda. Nufuzli xorij davlatlari harbiy delegatsiyalarning yurtimizga tashriflari ham buning yaqqol misolidir.

Xususan, bugun, 17-iyul kuni Xitoy Milliy ozodlik armiyasi Milliy mudofaa akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda harbiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, harbiy ta’lim tizimi bilan tanishish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Xitoy Milliy mudofaa universiteti huzuridagi Harbiy boshqaruv akademiyasi direktori general-mayor Li Yanxua boshchilik qildi.

Kun davomida rejalashtirilgan tadbirlar avvalida Xitoy harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda ularni O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev mas’ul xodimlar bilan birga kutib olib, mehmonlarni yurtimizga tashrif buyurgani bilan samimiy qutladi.

Akademiyaga tashrif davomida harbiy delegatsiya vakillariga u yerning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishtirib borildi. Yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirish maqsadida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida e’tirof etishdi.

Mazkur tashrif davomida ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan harbiy taʼlim masalalarining joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Shundan keyin Xitoy harbiy delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari muzeyi hamda Mudofaa vazirligi Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting