Navoiyda “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
1275

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qismda umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining 252 nafar aʼzosiga harakatning imtiyozli tavsiyanomalari tantanali topshirildi.

Tantanali tadbirda harbiy qism qoʻmondonligi, viloyat, shahar va tuman mudofaa ishlar boʻlimlari, Navoiy harbiy prokuraturasi, hokimlik, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda oʻquvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 2-mart kuni “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi Prezident qarori qabul qilingandi. Bu yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yoʻnalishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning tizimli shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumtaʼlim maktablarida taʼlim olayotgan 10—11-sinf oʻquvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor boʻlgan 20 nafar yoshni saralab olish orqali “Vatan tayanchi” otryadlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, qarorda har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq, OTMga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma berilishi yozib oʻtilgan.

Maʼlumot uchun, tavsiyanomaga ega chiqishlarida oʻquvchilarning “Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etishi hamda maktabni aʼlo baholarga tamomlagani inobatga olinadi. Tavsiyanomaga egalarga tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlarida toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladi.

Tantanali marosimda tavsiyanomalarni qoʻliga olgan yoshlar, soʻzga chiqib oʻzlariga berilayotgan ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, kelajakda yurtimizning munosib farzandlari boʻlishga va ravnaqi yoʻlida hissaa qoʻshishga vaʼda berdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting