Qozogʻistonlik harbiy mutaxassislar Oʻzbekistondagi oʻquv markazida tajriba almashdi

0
3944

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalar xalqaro harbiy hamkorlik yoʻnalishida oʻz samarasini koʻrsatib, ikki davlat harbiy xizmatchilarining oʻzaro malaka va tajriba almashishida, birgalikda oʻquv-jangovar vazifalarni ado etish orqali jangovar tayyorgarligini yuksaltirishida muhim rol oʻynamoqda.

Yaqinda, ikki davlat harbiy hamkorligi doirasida Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqoʻshin poligoni bazasida joylashgan va 2021-yildan faoliyatini boshlagan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalarini choʻl sharoitida tayyorlash markazida Qozogʻiston Respublikasi mudofaa vazirligi maxsus boʻlinmalarining bir guruh harbiy xizmatchilari tahsil oldi.

Bir necha kun davom etgan oʻquv kursi dasturiga muvofiq ikki davlat harbiy xizmatchilari sahroda choʻl sharoitida olov va suv topish, ov qilishga moʻljallangan qoʻl ostidagi predmetlardan yasalgan qurollar va qopqonlarni tayyorlash, choʻl sharoitida boʻlinmalarning niqoblanishi hamda shaxsiy tarkib joylashishi uchun sharoitlarni yaratish, shartli yaradorlarga tibbiy yordam koʻrsatish va qoʻlbola tibbiyot buyumlarini yasash boʻyicha amaliy mashqlarni bajardi.

Kurs yakunida boʻlinmalar bir necha kilometrli razvedka-qidiruv harakatlarini amalga oshirib, yoʻnalishda mavjud suvli toʻsiqlardan oʻtishni amalda qoʻllashdi. Yaqin jangda bir-birini himoya qilgan holda jangovar qurollarni qoʻllash, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va ularga tibbiy yordam koʻrsatishni mashq qilishdi.

Markaz bitiruviga bagʻishlangan tadbirda Oʻzbekiston va Qozogʻiston mudofaa vazirliklari vakillari, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi ishtirok etib, soʻzga chiqqanlar soʻnggi yetti yillik davr ichida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini har tomonlama isloh etish, milliy armiyamizni zamonaviy turdagi qurollar, aslahalar, harbiy va jangovar texnikalar bilan butlashda katta natijalarga erishilganini eʼtirof etishdi.

Oʻquv kursini tamomlagan harbiy xizmatchilarga sertifikat, faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari tantanali tarzda topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting