Yoshlarning «Aybin» xalqaro harbiy-vatanparvarlik yig‘ini boshlandi

0
1304

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi «Spassk» o‘quv markazida yoshlar ishtirokidagi «Aybin» xalqaro harbiy-vatanparvarlik yig‘inining tantanali ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, joriy yilda ushbu yig‘in xalqaro maqomiga ega bo‘ldi.  

Tantanali ochilish marosimida Qarag‘anda viloyati hokimligi, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rahbariyati, Ozarboyjon va O‘zbekistondan tashrif buyurgan mehmonlar, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy-vatanparvalik klublari tarbiyalanuvchilari hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari general-leytenant Sultan Kamaletdinov mazkur yig‘inni o‘tkazish g‘oyasi O‘zbekiston va ozarboyjonlik hamkasblar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Shuningdek, tantanali tadbirda O‘zbekiston va Ozarboyjon delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqib, yig‘inning maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan yetuk va intellektual salohiyatga ega kadrlarni yetishtirib chiqarish yoshlar harakatining asosiy vazifalaridan bo‘lib, bu yo‘lda esa mazkur yig‘inlarning o‘rni muhimligi ta’kidlandi.

Rasmiy marosim yakunlanganidan so‘ng yig‘in ishtirokchilari va mehmonlar uchun ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Tantanali tadbir Qozog‘iston Qurolli Kuchlarining Milliy harbiy-vatanparvarlik markazi jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi. Oldinda esa yig‘in qatnashchilarini qiziqarli musobaqalar va keng ko‘lamli madaniy dam olish dasturlari kutmoqda.  

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘inda Mudofaa vazirligi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov boshchiligidagi harakat a’zolari ishtirok etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting