Mudofaa vazirligi muhandis-texnik tarkibi ofitserlarining o‘quv-uslubiy yig‘ini yakunlandi

0
2367

Avval xabar berganimizdek, Markaziy harbiy okrugda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosidagi muhandis-texnik tarkibi ofitserlari bilan o‘tkazilayotgan o‘quv yig‘ini o‘z nihoyasiga yetdi.

Yig‘inning navbatdagi kunida soha vakillari okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardagi ta’mirlash guruhining ish jarayonlari va punktdagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ta’mirlash guruhlari tomonidan yaratilayotgan innovatsion ishlanmalar, o‘quv sinflari, texnikalar parki, qurol-aslaha omborlarida yaratilishi lozim bo‘lgan sharoitlar va ularni saqlash masalalarini muhokama qilib, o‘zaro tajriba almashishdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, tashkil etilgan yig‘inda ilk marotaba oliy harbiy bilim yurtlarining pedogog kadrlari ishtirok etdi. Ular bilan uzviy hamkorlikda innovatsion  ishlanmalarning ilmiy asoslarini yaratish va uni qo‘shinlarga tadbiq etish bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashindi.

Yig‘inning asosiy qismi “Sazagan” poligonida davom etdi. U yerda “Samarqand yo‘nalishida qo’shinlarning maxsus harakatlari davomida okrug qo‘shinlarini texnik ta’minotini tashkillashtirish” mavzusida tungi amaliy harakatlanish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida ushbu sohada ko‘p yillik tajribaga ega faxriylar ishtirok etib, o‘zlarining tajribalarini o‘rtoqlashdi.

Umuman olganda 20 ga yaqin o‘quv nuqtasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatib, qo‘shinlarda uzluksiz moddiy-texnik ta’minotni tashkillashtirish bo‘yicha zarur tajribalarga ega bo‘ldi.  

Bir necha kun davom etgan mashg‘ulotlar yakunida mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev va okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev boshchiligida yig‘in davomida erishilgan yutuqlar, egallangan bilim va ko‘nikmalar muhakama qilindi. Erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.  

O‘quv yig‘inida faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi hamda okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting