Samarqandda Mudofaa vazirligi muhandis-texnik tarkibi bilan o‘quv-uslubiy yig‘in boshlandi

0
2109

Markaziy harbiy okrugda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosidagi muhandis-texnik tarkibi ofitserlari bilan to‘rt kunlik o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda.

Kuni kecha boshlangan o‘quv-uslubiy yig‘inda dastlab ishtirokchilar saf ko‘rigidan o‘tkazilib, jismoniy tayyorgarlik darajasi tekshirildi. Jumladan, harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha 100 va 3000 metrga yugurish hamda turnikda tortilish bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.

Yig‘inning asosiy qismi nazariy bilimlarni egallash bilan boshlandi. Unda mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev hamda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev ishtirok etdi.

Nazariy bilimlarni egallashga qaratilgan uchrashuvda yig‘inning maqsad va vazifalari harbiy xizmatchilarga batafsil yetkazilib, hududlar joylashuviga qarab bosqichma-bosqich qo‘shinlarning muhandis-texnik tarkiblari bilan tajribalar almashishni yo‘lga qo‘yish borasidagi vazifalar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, qo‘shinlarda yo‘l transport hodisalarini oldini olish, maxsus harakatlar davomida texnik ta’minotni tashkillashtirish, ta’mirlash bo‘linmalarining roli va ahamiyati, rejalashtiruvchi hujjatlar va ularni yuritish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Soha yo‘nalishi bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilib, yig‘inning dastlabki xulosalari sarhisob qilindi.

Shuningdek, yig‘in davomida “Samarqand yo‘nalishida qo‘shinlarning maxsus harakatlari davomida okrug qo‘shinlarini texnik ta’minotini tashkillashtirish” mavzusida kunduz va tunda amaliy harakatlanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Amaliy mashg‘ulotlar Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va “Sazagan” dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati