Harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
689

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli Termiz umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismlarning birida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Unda harbi qism qo‘mondonligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat bo‘limi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, faxriylar va harbiy pensionerlar, Termiz davlat pedagogika instituti talabalari va muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Harbiy qismga kelgan Termiz davlat pedagogika instituti oʻgʻil-qizlari avvaliga madaniyat markazi binosida o‘zlari tayyorlab kelgan konsert dasturini namoyish etdi. Shundan so‘ng ularga harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati taqdim etildi.

Harbiy psixologlar bilan oʻtkazilgan trening esa mehmonlarning aksariyatida oʻzlariga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qildi, ularning yashirin qobiliyatlari va imkoniyatlarini real baholash imkoniyatini berdi.

Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi tomonidan sport texnikalari hamda o‘quv qurollari ko‘rgazmalari namoyishi hamda jamoaviy timbilding o‘yinlarining o‘tkazilishi yoshlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida harbiy qism va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi doimiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligiga qarashli Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham “yoshlar oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” hamda “Rahbar va yoshlar uchrashuvlari” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Zangiota tumanidan bir qancha mahalla yoshlar yetakchilari va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. Dastlab yoshlar Aloqa harbiy institutida yaratilgan shart-sharoitlar hamda harbiy tarix muzeylari bilan yaqindan tanishtirildi.

Aloqa harbiy instituti badiiy kutubxonasida oʻtkazilgan uchrashuvda esa oliy harbiy bilim yurti rahbariyati tomonidan mamlakatimizda barcha sohalar singari milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʻlumotlar berildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga esa soha mutaxassislaridan javob oldilar.

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting