Imtiyozli tavsiyanomalar oʻz egalariga topshirildi

0
2760

Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga har qachongidan ham koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Yurt himoyachilarining xizmat sharoitlari yanada yaxshilanib, oilalariga turli imkoniyatlar yaratib berilayotgani ham fikrimiz isbotidir.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida Qarshi garnizonida joylashgan harbiy qismlarda xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi.

Tadbirda soʻz olgan okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov yoshlarning oldindagi maqsadlari sari dadil qadam bosishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini aytib, bunda ulardan faqat ilm egallash talab qilinayotganini alohida taʼkidladi.

Harbiy xizmatchilarning 22 nafar farzandlariga topshirilayotgan ushbu tavsiyanomalar kelajakda Vatan ravnaqiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan 22 yigit-qizning orzulariga qoʻshqanot boʻlishi shubhasiz. Imtiyozli tavsiyanomalarni yoshlar okrug qoʻshinlari qoʻmondoni qoʻlidan olar ekan kelajakda qanday sohada boʻlmasin Vatan ravnaqiga kamarbasta boʻlishga vaʼda berdilar. Har bir yoshning yuzlaridagi tabassumdan shukronalikni, koʻzlarda yonib turgan oʻtdan oʻzlariga boʻlgan ishonchni anglash qiyin emas.

Tadbir Qarshi garnizoni harbiy orkestri hamda viloyatning taniqli sanʼatkorlari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.

Berilayotgan bu kabi imkoniyatlar harbiy xizmatchilarning oʻz vazifasiga yanada shijoat bilan yondashishiga, ertamiz egalarining esa Vatan himoyachisining farzandi ekanidan gʻurur hislarini oshishiga xizmat qilayotgani aniq.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting