Harbiy xizmatchilar va aholi salomatligini ta’minlash yo‘lida

0
649

Nukus harbiy gospitalida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi kuch tuzilmalari harbiy qism va muassasalarining ayol harbiy xizmatchilarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, kasalliklarni erta aniqlash va tibbiy maslahatlar berish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Tibbiy koʻrik boshlanishidan avval harbiy gospitalning majlislar zalida respublika harbiy prokurorining katta yordamchisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Juqorgʻi Kengesining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi, Nukus harbiy prokurori, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi tomonidan xotin-qizlarni himoya qilishning ijtimoiy-huquqiy asoslari, ayollarni ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar mavzusida maʼruza qilindi.

Tibbiy koʻrikka kardiolog, terapevt, ginekolog, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog, jarroh, onkolog, mammolog, stomatolog va teri-tanosil kasalliklari shifokorlari jalb etilib, ularning koʻrigi, shuningdek, UTT, EKG va rentgenologik tekshiruvlar oʻtkazildi.

Shu kuni, harbiy gospitalda tibbiy koʻrik tashkil etilibgina qolmay, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan harbiy xizmatchi ayollarning murojaatlari tinglandi.

Kun tartibidagi dasturga muvofiq, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan tashkillashtirilgan tushlikdan soʻng, kunning ikkinchi yarmida harbiy xizmatchilar uchun “Sahrodagi Luvr” nomi bilan dunyoga mashhur I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyiga sayohat tashkil etildi.

Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz harbiy gospitali malakali shifokorlari tomonidan hududlarda sayyor tibbiy qabullar tashkil etildi.

Ushbu sayyor tibbiy qabul jarayonlarida Bandixon tumanidagi “Birdamlik” MFYdan jami 93 nafar fuqaro, shundan 21 nafari Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi biriktirilgan ijtimoiy hamda birovning koʻmagiga muhtoj bolalar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, bemorlarga davolash va kasalliklar profilaktikasi yuzasidan tegishli maslahatlar berildi.

Bunday sayyor tibbiy koʻrik viloyatning boshqa tumanlarida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting