Nukusda 3 kilometrga yugurish va velomarafon o‘tkazildi

0
787

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati!” shiori ostida oʻtkazilayotgan festival doirasida uch kilometrga yugurish hamda velomarafon boʻlib oʻtdi. Mazkur marafonda 3000 dan ortiq yoshlar safida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari ham faol ishtirok etdi.

Festivalning davomi poytaxtdagi Yoshlar markazi binosida tashkil etilgan “Biznes marafon”ga ulandi. Unda yurtimizning taniqli ishbilarmonlari tomonidan tadbirkorlik bilan shugʻullanish va marketingda ulkan yutuqlarga erishish borasida yoshlarga kerakli tavsiya va maslahatlar berildi.

Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetida festival ishtirokchilari, shu jumladan, harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari va farzandlari uchun boʻsh ish oʻrinlari taklif etilgan “Mehnat yarmarkasi” boʻlib oʻtdi.

Shu kuni, barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida sport, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlarida tanlovlar hamda “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazilib, yoshlar sayli doirasida barcha gʻolib va sovrindorlar taqdirlandi. Eng quvonarlisi, mazkur tanlovning “Eng yaxshi gitarachi” yoʻnalishida Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni xizmatchisi Siroj Gulimov faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan oʻzbek, qoraqalpoq va jahon klassik namunalari va harbiy jangovar musiqalar yoshlar festivali ishtirokchilarida bir olam taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting