Nukus poligonida harbiy-vatanparvarlik oʻquv yigʻini oʻtkazildi

0
1797

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Taxiatosh tumani hokimligi, Yoshlar Ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, Nukus harbiy prokuraturasi hamkorligida tumandagi uyushmagan yoshlar bilan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik oʻquv yigʻini oʻtkazildi.

“Nukus” umumqoʻshin poligonida boʻlib oʻtgan yigʻinga 200 nafar yoshlar jalb etildi. Ikki kunlik yigʻin yoshlarning hayotiga keskin oʻzgarish olib kirgani shubhasiz. Harbiylar bilan bir safda boʻlish, ularning hayoti bilan yaqindan tanishish, suhbatlashishning oʻzidayoq yoshlar harbiy sohaga qiziqish bildira boshladi.

Oʻquv yigʻinning birinchi kunida yoshlar poligon saf maydonida saflanishdi. Ochilish marosimida Taxiatosh tumani hokimi Daniyar Kurbanov soʻzga chiqib, bu oʻquv yigʻini yoshlarning hayotida katta maktab vazifasini oʻtashi mumkinligi haqida gapirarkan, ularga omad va zafarlar tiladi.

Harbiycha yoʻriqnoma olgandan soʻng yoshlar toʻrt guruhga ajratilib, oʻquv nuqtalariga tarqatildi. Harbiy mutaxassislar jangovar tayyorgarlikning asosiy fanlaridan mashgʻulotlar oʻtdi, yoshlar ham bevosita mashgʻulotlar ishtirokchisiga aylandi. Harbiy estafeta oʻyinlari hamda arqon tortish musobaqasi oʻquv yigʻinida haqiqiy “jang maydoni”ga aylandi.

Yigʻin doirasida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi, xalqaro harbiy oʻyin va musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan harbiy sportchilar ishtirokida “Muvafaqqiyatga erishish sirlari” mavzusida motivatsion treninglar oʻtkazildi. Harbiylikka qiziqish bildirgan yoshlarga bu sohaga kirib kelishning tartibi batafsil tushuntirildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi, “Xurliman” raqs ansamli, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ijodiy guruhining shoʻx-shodon kuy va qoʻshiqlari yigʻin ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Askarning bir kunlik kundalik rejasiga muvofiqб yoshlar bilan olib borilgan yigʻinning kechki vaqtida yozuvchi Baxtiyor Abdugʻofurning “Oʻzbek qizi” nomli asariga ishlangan film namoyish etildi. Gulxan atrofidagi kun taassurotlari hokim va harbiylar bilan feedback koʻrinishidagi samimiy va unutilmas xotiralarga boy suhbatga, jonli ijrodagi Vatan madhini tarannum etgan qoʻshiqlarga ulandi.

Shu kuni yoshlarga harbiylar yotoqxonasidan joy ajratildi. Yosh pahlavonlar tunni poligonda oʻtkazdi.

Yigʻinning ikkinchi kunida yoshlar Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyati bilan tanishdi.

Muhtasham binoda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirokida “Genaral va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Qoʻmondonning har bir soʻzini oʻziga pand-u nasihat va oʻgit deb bilgan yoshlar uchrashuvdan mamnun boʻlishdi. Okrugda tashkil etiladigan navbatdagi “Jasorat maktabi”da oʻqish istagini bildirishdi.

Yigʻin soʻngida faol ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting