Harbiy xizmatchilar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etildi

0
874

Harbiy xizmatchilar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, oʻzaro sogʻlom raqobat hissi rivojlantirish maqsadida Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qismlarning birida sportning mini-futbol turi boʻyicha qoʻmondonlik kubogi bellashuvlari boʻlib oʻtdi.

Sport musobaqasining tantanali ochilish marosimiga Oʻzbekiston futbol federatsiyasi prezidentining birinchi maslahatchisi Rahmiddin Zikriyayev hamda Birodar Abduraimov boshchiligidagi oʻzbek futbolining faxriylari mehmon sifatida tashrif buyurdi.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar yurtimizda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyichi bir qancha samarali ishlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumotlar berdi. Shundan soʻng harbiy xizmatchilar va oʻzbek futbolining faxriylari oʻrtasida oʻrtoqlik oʻyini boʻlib oʻtdi.

Musobaqaning ikkinchi kunida respublikamizning deyarli barcha harbiy qismlaridan saralanib kelgan jami 6 ta jamoa oʻzari bellashuvga kirishdi. Shiddatli va murosassiz kechgan musobaqada 3-o‘rinni Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismlardan tashkil topgan jamoa qoʻlga kiritdi. Finalda esa gʻoliblar penaltilar orqali aniqlandi. Unga koʻra 2-oʻrin Qashqadaryo va Buxoro viloyatidagi harbiy qismlari terma jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, musobaqaning mutlaq g‘olibligini Mudofaa vazirligiga qarashli qoʻmondonlik jamoasi qoʻlga kiritdi.

Shuningdek katta leytenant Anvar Abdusalomov turnirning “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyasi boʻyicha, katta leytenant Ulugʻbek Mexmontoʻrayev “Eng yaxshi oʻyinchi” nominatsiyasi boʻyicha hamda kapitan Oʻlmasjon Rahmonov “Eng yaxshi toʻpurar” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilib, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting