Navoiyda “Vatanparvarlar” musobaqasining viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
1379

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qismda mudofaa vazirining kubogi uchun uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Navoiy viloyati bosqichi oʻtkazilib, gʻolib va sovrindor jamoalar nomi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Mudofaa vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida mahallarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.

Uch bosqichda oʻtkazilgan ushbu musobaqa haqiqiy maʼnoda viloyat yoshlarini birlashtira oldi, harbiy-sport musobaqalari orqali ular qalbiga yoʻl topdi. Darhaqiqat, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, oʻzaro madaniy-sport aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarni sport oʻyinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sogʻlom turmush tarziga rioya etadigan, buyuk ajdodlarimiz kabi mard avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻta qizgʻin va murosasiz bellashuvlarga boy boʻlgan musobaqada har bir jamoa aʼzosi bir tan-u bir jon boʻlib gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Ishtirokchilarning shartlarni bajarishdagi harakatlari esa malakali harbiy xizmatchilardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 3-oʻrinni Navoiy shahrining “Faravon” MFY “Vatanparvarlar” jamoasi qoʻlga kiritdi. Xatirchi tumanining “Tasmachi” MFY yoshlari 2-oʻringa loyiq koʻrilgan boʻlsa, Qiziltepa tumanining “Obod diyor” mahallasining jamoasi faxrli 1-oʻringa loyiq topildi.

Musobaqaning tanatanali yopilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimligi, okrug qo‘mondonligi, harbiy prokuratura, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshllar ittifoqi viloyat kengashi vakillari hamda faxriylar musobaqa ishtirokchilarini qutlab, gʻolib jamoalarga va nominatsiya gʻoliblariga kubok, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati