Mudofaa vaziri oʻrinbosari sayyor qabulida koʻplab muammolar oʻz yechimini topdi

0
2382

Bugun yurtimizda aholi murojaatlari bilan ishlash borasida yangi tizim yaratildiki, bu oʻz navbatida ijtimoiy adolatni taʼminlash yoʻlidagi oʻzbekona hayot falsafasi va milliy davlatchilik maktabiga xos barhayot anʼanalarni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqani bilan ahamiyatli. Shunday qilib bosqichma-bosqich olib borilgan islohotlar natijasida xalq bilan muloqot qilish mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yoʻlidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylandi.

Xususan, Mudofaa vazirligi tizimida ham keng jamoatchilik vakillarini sayyor qabullar orqali qabul qilish, murojaatlarni koʻrib chiqib muammolarni qonun doirasida oʻrganish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyilgani xalq va armiyani yanada yaqinlashtirayotgan muhim jarayon boʻlmoqda. Eng muhimi, bu ezgu tadbirlar aholida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan, hukumatdan rozilik kayfiyatini yuzaga chiqarayotgani bilan qimmatli boʻlmoqda.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyevning vazirlik Fuqarolar qabulxonasida oʻtkazgan navbatdagi sayyor qabuli ham ushbu dargohga najot istab kelgan koʻp sonli vatandoshlarimizning mushkulini oson qildi.

Qabulda yetmishga yaqin murojaatlar koʻrib chiqildi. Murojaatlar orasida uy-joy taʼminoti, xizmatni koʻchirish, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish, harbiy xizmatga qayta tiklash kabi masalalar salmoqli boʻldi. Eng muhimi, har bir muammoga qonun doirasida atroflicha yondoshildi. Vaqt va oʻrganish talab qilinadigan masalalar ijrosi boʻyicha mutasaddi boshqarma masʼullariga qoʻshimcha topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.

– Oʻgʻlim Mustafo ikki yarim yoshgacha gapirmagan. Boshida “kechroq gapirsa kerak”, deb ahamiyat bermaganmiz. Chunki tili kechroq chiqqan bolalar haqida eshitganmiz-da, – deydi katta leytenant Elyor Toʻrayev. – Lekin bora-bora uning gʻalati qiliqlar va ovozlar chiqarayotganini koʻrib dahshatga tushdik. Shifoxonaga olib bordik. Uni obdon tekshiruvdan oʻtkazgan nevropotolog “autizm” deb tashxis qoʻydi. Bu xabarni eshitib dardi dunyoyimiz qorongʻu boʻlib ketdi. Shifokorlar “Bu kasallik bilan ogʻrigan bolalar doimiy ravishda poytaxtdagi shifoxonalarda davolanib turishi kerak”, deyishdi. Shu kungacha Toshkentga qatnab oʻgʻlimizni davolatdik. Lekin yoʻl uzoqlik qilayapti. Shunga xizmatimni poytaxtga koʻchirish masalasida sayyor qabulga kelgandim. Murojaatimni eʼtiborsiz qoldirishmadi. Bundan minnatdorman.

Ha, shu kuni respublikamizning turli viloyatlaridan vazir oʻrinbosarining qabuliga kelgan fuqarolarning hech biri noumid qaytmadi.

Podpolkovnik Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti