Olovli zarbali artilleriya suroni

0
3030

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻquv mavsumi rejasiga asosan, harbiy qism va boʻlinmalarning jangovar shayligi, harbiy xizmatchilarning sohalar boʻyicha egallagan bilimi, malakasi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib turilishi aniq hamda belgilangan tartib asosida yoʻlga qoʻyilgan.

Markaziy harbiy okrugda joylashgan “Kattaqoʻrgʻon” poligoni zamonaviy jang sanʼatini sayqallashtiruvchi ana shunday mahorat maydonlaridan biridir. Artilleriyachilar bu yerda har qanday sharoitda jangovar oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish imkoniyatiga ega va ushbu amaliyot yurtimizdagi eng katta poligonda muntazam shakllantirilib kelinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi artilleriya boʻlinmalari, shuningdek, boshqa qoʻshin turlari va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari bilan hamkorligida tashkillashtirilgan jangovar oʻquv mashgʻulotlarida zamonaviy jang olib borish usullaridan foydalanilgani eʼtiborga molik. Rejaga koʻra Markaziy, Toshkent va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okruglari artilleriya boʻlinmalari yigʻin terevogasi orqali turli hududlardan jangovar harbiy texnikalari bilan “Kattaqoʻrgʻon” poligoni tomon yoʻlga chiqdi. Bu jarayonda boʻlinmalarning tezkorlik bilan belgilangan hududga mobilizatsiya harakatlari sinovdan oʻtkazildi. Harakat davomida texnik xavfsizlik qoidalariga toʻliq amal qilindi. Minglab gektarni tashkil etadigan dala oʻquv maydoniga yetib kelgan yurt himoyachilari bir necha oʻquv joylarida artilleriya qurilmalarini jangovar shay holatiga keltirish boʻyicha nazorat sinovlaridan oʻtdilar.

Voqealar real holatga yaqin boʻlishini taʼminlash masadida harakatlar boshqa qoʻshin turlari bilan birgalikda olib borildi. Qoʻmondonlik boshqaruv punktlari tashkil etilib, nishonlar joylashgan koordinatalar boʻyicha divizion, batareya va toʻp hisoblariga maʼlumotlar yetkazilib turildi. Amalga oshirilgan har bir harakat motooʻqchi, havo desant va boshqa janovar boʻlinmalar, razvedka qidiruv guruhlari bilan birgalikda muvofiqlashtirildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti