“Konstitutsiya — oʻzimizniki!” shiori ostida targʻibot tadbirlari davom etmoqda

0
843

O‘zbekiston hududlari bo‘ylab yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum oldidan «Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki» shiori ostida targ‘ibot tadbirlari, konsert dasturlari o‘tkazilmoqda. 

Nukus garnizonida tashkil etilgan targʻibot tadbiri ham xalq va armiyaning birdamligini, har bir yurtdoshimizning jamiyatimizdagi oʻzgarishlarga, yurtimiz taqdiriga befarq emasligini namoyish etdi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosi oldida oʻtkazilgan tadbirida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qoʻmitasi raisi, Joʻqorgʻi Kenges deputati, Nukus shahar kengashi deputati, Nukus harbiy prokurori, oʻquvchi-yoshlar va harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Tadbirdan soʻz olganlar, konstitutsiyaviy islohotlar “Avval inson, keyin-jamiyat va davlat” degan gʻoya asosida erkin, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni shakllantirish va taraqqiy etishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini taʼkidlab, barchani referendumda faol ishtirok etishga chorlab qolishdi.

Shuningdek, Fargʼona garnizonidagi harbiy qismda “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini oʼrganish mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʼuloti boʼlib oʼtdi.

Mashgʼulot davomida Sharqiy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni general-mayor Aybek Saidov harbiy xizmatchilarga asosiy qonunga kiritilayotgan har bir oʼzgartish va qoʼshimcha moddalarda xalqimizning fikri va takliflari inobatga olingani, bunda “inson, jamiyat va davlat manfaatlari” omili ilgari surilganligi taʼkidlanib, yangi tahrirga asosan Oʼzbekiston Konstitutsiyasiga konseptual oʼzgarishlar kiritilayotgani yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berdi.

Mashgʼulot davomida barchani 30-aprel kuni boʼlib oʼtadigan “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun boʼyicha boʼlib oʼtadigan umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Jizzax va Navoiy garnizonlaridagi harbiy qismlar ham harbiy xizmatchilari bilan okrug qo‘mondonligi mas’ullari boshchiligida “O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitusiyaviy qonuni loyihasining mazmuni va mohiyatini tushuntirish yuzasidan targ‘ibot tadbiri o’tkazildi.