Modellashtirish va simulyatsiya yordamida qoʻmondonlik-shtab oʻquvlari oʻtkazildi

0
1240

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalar boshqarmalari, shuningdek, hududiy kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda modellashtirish va simulyatsiya vositalari yordamida qoʻmondonlik-shtab oʻquvida ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligining modellashtirish va simulyatsiya dala-oʻquv markazining malakali vakillari nazorati ostida Nukus garnizonidagi harbiy okrug bazasida oʻtkazilgan oʻquv ilmiy-amaliy konferensiyadan boshlandi.

Konferensiya ishida mutaxassislar tomonidan zamonaviy harbiy mojarolar va qurolli toʻqnashuvlarning tajribalari tahlil etilib, ularda qoʻllanilayotgan yangi taktik va maxsus harakatlar, jangda boshqaruvni tashkil etish, artilleriya, aviatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hudud razvedkasini takish etish borasida mazmunli maʼruzalar tinglandi.

Mansabdor shaxslarni jangovar shaylikning yuqori darajalariga keltirganda vazifalarni bajarishga oʻrgatish, harbiy operatsiyalarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishda qoʻshinlarni boshqarish boʻyicha ofitserlarning koʻnikmalarini nazoratdan oʻtkazish, boshqaruv organlari ishida harakatlarning hamjihatligiga erishish, oʻzaro yordam va bir-birini almashtira olish munosabatlarini oʻrnatish kabi maqsadlarni mujassam etgan mazkur oʻquvdan oldin barcha toifadagi komandirlar bilan yoʻnalishlar boʻyicha test sinovlari qabul qilinib, amaliy trening mashgʻulotlarida bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Oʻquv davomida barcha toifadagi boʻlinma komandirlarining koʻnikmalarini mustahkamlash, javobgarlik hududini himoya qilish boʻyicha oʻquv-jangovar harakatlarni modellashtirish va simulyatsiyasini oʻtkazish, kuch tuzilmalari bilan hamkorlikni takomillashtirish hamda har tomonlama qoʻshinlar taʼminotini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻquv-jangovar vazifalarni olgan oʻrganuvchilarning vaziyatga toʻgʻri baho bergan holda asoslangan qabul qilgan qarorlarning zamonaviy janglar va qurolli mojarolar ehtimoliy tavsifi hamda amaldagi jangovar nizomlarga mos kelishi tekshirib borildi.

Boʻlinma komandirlari qoʻshin turlari va maxsus qoʻshinlarni mohirona qoʻllash, shikast yetkazuvchi vositalarning toʻgʻri qoʻllanilgani, qoʻshinlarning harakati va jangda erishilgan yutuq va yoʻqotishlari, qoʻyilgan topshiriqlarning bajarilishi va samaradorligi, ularni bajarish jarayonida shaxsiy tarkibning maʼnaviy-ruhiy holati, uyushqoqligi va ijrochilik saviyasi, harbiy intizom darajasi boʻyicha kunlik hisobotlari tinglandi.

Yakunda oʻquv tahlil etilib, barcha hisobotlar tinglandi. Yuqori kasbiy malaka hamda boshqaruvchanlik qobiliyatini namoyon etgan boʻlinma komandirlari eʼtirof etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati