Moddiy-texnik taʼminot mutaxassislari yigʻini boshlandi

0
1564

Harbiy xizmatchilarning jahon boʻylab erishayotgan yutuqlari, respublikamizning barcha hududlaridagi dala oʻquv maydonlarining zamonaviy qiyofaga keltirilgani, oliy harbiy taʼlim muassasalarida kursantlar uchun yaratilgan havas qilgulik sharoitlar haqida toʻlqinlanib gapiramiz. Ammo bu ishlar osonlikcha, oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq.

Shu maʼnoda aytish mumkinki, Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizoni harbiy qismlari va muassasalari bazasida moddiy-texnik taʼminot mutaxassislari bilan oʻtkazilayotgan oʻquv-uslubiy yigʻin qizgʻin muhokamalar bilan boshlandi.

Unda soʻzga chiqqan mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Z. Bazarbayev oʻquv-uslubiy yigʻinning maqsadi, bugungi kunda sohada olib borilayotgan ishlarning tahlili, kelgusi rejalarga ham batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Mudofaa vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi adliya podpolkovnigi N. Komilov “Qoʻshinlarda komandirlar va boshliqlarning korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy omillar va ularga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar” toʻgʻrisida maʼruza qildi. Qoʻshinlar obyektlaridagi sanitar holatlar, veterinariya xizmati, oziq-ovqat va kiyim-kechak xizmati tahlili, yoqilgʻi moylash mahsulotlari, uy-joydan foydalanish masalalari ham keng qamrovli muhokama qilinib, asosli xulosalar chiqarildi, takliflar umumlashtirildi.

Taʼkidlash kerakki, ushbu yigʻinga okruglar (birlashmalar) qoʻmondonlarining, harbiy qism va muassasa boshliqlarining moddiy taʼminot boʻyicha oʻrinbosarlari, moddiy va yoqilgʻi taʼminot bazalari boshliqlari, uy-joydan foydalanish qismi boshliqlari jalb etilgan.

Oʻquv-uslubiy yigʻin davomida qatnashchilarning dala sharoitida moddiy taʼminotni tashkil qilish boʻyicha koʻnikmalarini yanada takomillashtirish boʻyicha Chirchiy dala oʻquv poligonida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

Hozirgi paytda davom etayotgan yigʻin tafsilotlari bilan tanishtirib boramiz.

Kapitan Aziz Norqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti