Nukusda muddatli harbiy xizmatni yakunlayotgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

0
1415

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov Nukus garnizonida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Bir yil oldin kelgan oʻsmirlar, endi norgʻul yigit boʻlib uyga qaytishga hozirlanmoqda. Katta hayot sari odimlayotgan yoshlar bilan qoʻmondonning suhbati samimiy ruhda, erkin muloqot va yuqori kayfiyatda boʻlib oʻtdi.

Harbiy hayot yoʻli boy tajribadan iborat boʻlgan qoʻmondonning nutqi ibrat maktabini oʻtagan yoshlar uchun kelajakda komil inson boʻlib mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz ulushini qoʻshishga chorladi. Yurtimiz obodligi, kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga, buguni va ertasi uchun jonkuyar, fidoyi boʻlishga undadi. Xalq va davlat manfaatlari yoʻlida gʻayrat qilishga, kasb va hunar oʻrganishlariga, yuksak marralarni zabt etishlariga ishonch bildirildi.

Suhbat davomida qoʻmondon namunali xizmati, komandirlar tomonidan qoʻyilgan vazifalarni bajarishdagi masʼuliyati, yurtimizning eng olis boʻlgan Shimoli-gʻarbiy hududlarini himoya qilish yoʻlida yuksak jangovar shayligi uchun askarlarga oʻzining minnatdorchiligini izhor etdi. Qoʻshinlarda olib borilgan jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlarida, shuningdek, sport va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etgani uchun ularga harbiy okrug nomidan rahmat aytdi.

Bugun yoshlarning kamol topishi va kasb-hunar egallashi maqsadida mamlakatimiz tomonidan koʻplab kasb-hunarga yoʻnaltiruvchi markazlar, oʻquv muassasalari faoliyat olib bormoqda. Ana shunday markazlarda biror hunarga ega boʻlish, kelgusida albatta, yigitlarning biror sohada oʻz oʻrnini topishida asqatishi taʼkidlanib, yigit kishiga qirq hunar ham kam ekanligi tadbir davomida aytib oʻtildi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda qoʻmondon armiya saflarini tark etayotgan yoshlarning ota-onalariga oʻz minnatdorchiligini bildirib, ularning yorugʻ yuz bilan uyga qaytishiga tilakdosh boʻldi. Kelgusi hayotiga pandu-nasihat berib, yurt taqdiri uchun fidoyi boʻlishga chorladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati