Harbiy xizmatchilar bolajonlarga bayram shukuhini ulashdi

0
781

Tarixiy qadriyatlarimizga singib ketgan Navroʻz bayramini nishonlash jarayonidagi taassurotlarini koʻz oldingizda gavdalantirib koʻrganmisiz? Momolarimiz, onaxonlarimiz va opa-singillarimizning tuni bilan qozon boʻyida lapar, ezgu tilaklar aytib, sumalak qaynatishi, bolajonlarning esa varrak uchirish, lanka, chillak kabi oʻndan ortiq oʻyinlari, polvonlarning kurash, uloq-koʻpkari musobaqalari yodingizga tushdimi?

Mamlakatimizning har bir goʻshasida koʻtarinki kayfiyatda tashkillashtirilayotgan Navroʻz tantanalari yuqorida nomlari sanab oʻtilgan anʼanalarga hamohang tarzda davom etib kelyapti. Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida boʻlib oʻtgan bayram shodiyonalari kelajagimiz boʻlmish bolajonlar uchun ataldi desak xato qilmaymiz.

Navroʻz tantanasi doshqozonda tayyorlangan sumalakni ochish marosimi bilan boshlandi. Qozon boshida onaxonlar bir guruh jajji oʻgʻil-qizlar uchun sumalak tayyorlash anʼanalari hikoya qilib berishdi. Shundan soʻng bolajonlar varrak uchirish, velopoyga, shaxmat, shashka, “Oq terakmi? Koʻk terak?” musobaqalariga taklif etildi. Musobaqalar davomida institut saf maydoni jajji oʻgʻil-qizlarning shoʻx-shodon qiyqiriqlariga toʻldi. 

Tadbir davomida bolajonlar uchun taʼlim dargohi oʻquv sinflari, kutubxona, muzey va sport maydonlari boʻylab ekskursiya tashkillashtirildi. Bayramona bezatilgan askar oshxonasida bolajonlar tushlik dasturxonida osh, sumalak va boshqa bahoriy taomlar bilan mehmon qilindi.

Bayram tantanasi yakunida institut boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik podpolkovnik Fayzullo Shermatov hamda bir guruh ofitser, kursantlar Oʻzbeksiton Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga qarashli Antonina Xlebushkina nomidagi 22-mehribonlik uyiga bayram sovgʻalari bilan tashrif buyurdilar. Tashrif davomida 22-mehribonlik uyi yuqori sinf oʻquvchilariga Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda boshqa harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish imkoniyatlari haqida soʻzlab berishdi.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti