Joylarda “Assalom, Navro‘z” bayram sayllari davom etmoqda

0
688

Bugun, 16-mart kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumani markazida “Assalom, Navroʻz” bayram sayli boʻlib oʻtdi.

Ushbu bayram saylida Denov tumani hokimligi, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Bayram tadbirini ochib bergan Denov tumani hokimi barchani Navroʻz bilan qutlar ekan, avvalo xayrli ishlar boshida turgan fidoyi xalqning xizmati katta ekanligini taʻkidlab oʻtdi.

Minglab yurtdoshlarimizga bahoriy kayfiyat ulashgan tadbir tuman Madaniyat uyi, sahnalashtirilgan folklor jamoalar, taniqli san’atkorlar, harbiy orkestr jamoalari ishtirokidagi badiiy va koʻngilochar chiqishlar bilan davom etdi.

Navroʻz tantanlari bir vaqtning oʻzida tuman istirohat bogʻidagi oʻyin-kulgilarga ham ulandi.

Xayraobod garnizoni harbiy orkestri, faxriy qorovul, qoʻl jangi sahna koʻrinishlari yigʻilganlarda jangovar ruh va xushnudlik bahsh etdi.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrugga qarashli Jizzax garnizonidagi harbiy shaharchada Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlab “Xush kelding Navroʻzi olam!” shiori ostida milliy urf-odatlarimiz va anʻanalarimiz bilan nishonlanib kelinayotgan sumalak sayli boʻlib oʻtdi.

Mazkur bayramona tadbir doirasida pishirilgan sumalak, osh, koʻk somsalar bayram dasturxoniga oʻzgacha koʻrk bagʻishladi.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri boʻlgan bu kabi bayramlarning mamlakatimizda keng nishonlanishi elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik va millatlaro ahillik hukm surishiga xizmat qiladi.