Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmadi

0
1668

Yurtimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Bugun barcha davlat idoralarida aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratilgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Muhimi, bu borada joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar fuqarolarning gʻam-tashvishini aritishda, muammolarini xal etishda, shak-shubhasiz kutilgan natijani bermoqda.

Jumladan, Mudofaa vazirligi Fuqarolar qabulxonasida vazir oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabul shu dargohga umid ilinjida kelgan koʻplab insonlarning quvonchiga sabab boʻldi.

Qabulda Respublika harbiy prokurorining oʻrinbosari, adliya podpolkovnigi Qahramon Isroilov, vazirlikning tegishli bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari ham ishtirok etdi. Shu kuni har bir murojaatchining dardu tashvishi, hayotiy muammo va ehtiyojlari atroflicha va qonun doirasida koʻrib chiqildi. Koʻplab murojaatlar imkon darajasida joyida hal qilindi. Oʻndan ortiq fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatildi, baʼzi masalalar esa nazoratga olingan holda mutasaddilarga yoʻnaltirildi. Shuningdek, murojaatlardan kelib chiqib, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlariga topshiriqlar berildi.

– Buxoro viloyatidan keldim, – deydi oʻzini Aqgul Radjabova deb tanishtirgan suhbatdoshimiz. – Yolgʻiz farzandimiz Azizbek harbiy xizmatchi – serjant. Ayni vaqtda u Fargʻona viloyatida xizmat qilayapti. Ikki nafar farzandi bor. Biz dadasi bilan pensionermiz. Katta hovlida ikkovimiz yashaymiz. Juda zerikib ketsak, sogʻinsak xoʻjaynim bilan tez-tez Fargʻonaga borib farzandlarimiz holidan xabar olib turardik. Lekin oxirgi yillarda qarib qoldikmi uzoq yoʻl yurishga qiynalyapmiz. Yolgʻizlanib qoldik. Shuning uchun farzandimizning yaqinimizda xizmat qilishini xohladik. Mayli Buxoroda boʻlmasin, lekin bizga yaqin viloyatlardan birida xizmat qilsa ham mayli, degandik. Shu maqsadda sayyor qabulga keldim. Oʻgʻlimning xizmatini Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi harbiy qismga koʻchirib berishdi. Bunchalik tez hal boʻladi, deb oʻylamagandim. Koʻnglim taskin topdi. Mudofaa vaziriligi rahbariyatiga ming rahmat aytaman. Yaxshilar bor boʻlsin, sogʻ boʻlsin!

Fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarning hal boʻlganini eshitish qanchalik yoqimli boʻlsa, ular yuzida shodlik zavqini koʻrish shunchalik sururli. Mana shunday lahzalarda koʻngilda yashashga boʻlgan ishtiyoq oshadi, dunyo ezgu amallar ila goʻzal ekanligiga yana bir bor dildan amin boʻlasiz. Muhimi, shaffof va samimiy ruhda oʻtgan sayyor qabulda hech bir murojaat eʼtiborsiz qoldirilmadi.

Podpolkovnik Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti