Qoʻrquv bilmas oʻgʻlonlar qatoriga yoshlar ham qoʻshilmoqda

0
2544

Yurt oʻgʻlonlari havo desant tayyorgarlik mashgʻulotlarida olgan bilim va koʻnikmalarini Fargʻona dala oʻquv maydonida amalda sinovdan oʻtkazmoqda.

Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga asosan yoshlar orasida parashyut sportini rivojlantirish maqsadida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlaridagi “Sharq” desantchilarni tayyorlash bazasi qoshida “Sharq burgutlari” parashyut jamoasi tashkil etilgan. Jamoada hozirda yigirma nafar fargʻonalik yoshlar muntazam shugʻullanib kelmoqda.

Kuni kecha Fargʻona dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda ilk bor sakkiz nafar “Sharq burgutlari” jamoa aʻzoi ham amaliy sakrash mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli bajardi.

Dastavval maʻsul ofitserlar hamda mutaxassis harbiy xizmatchilar tomonidan yurt posbonlari hamda yoshlarning amaliy sakrashga oid bilim va koʻnikmalari, ruhiy tayyorgarliklari tekshirildi. Shundan soʻng, mutaxassislar tomonidan parashyutlar va anjomlarning sozligi koʻzdan kechirildi.

Mashgʻulot rahbari tomonidan har bir ishtirochi bilan alohida shugʻullanish ishlari olib borildi va ularga yoʻriqnomalar berildi.

Parashyut bilan amaliy sakrashni amalga oshirayotgan harbiy xizmatchilar va yoshlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi Sharqiy harbiy harbiy okrug qoʻshinlari havo desant tayyorgarlik boʻlimi maʻsul ofitserlari tomonidan nazoratga olindi.

Okrug qoʻshinlarida bunday parashyut bilan amaliy sakrash mashgʻulotlari davom etmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati