Xalqaro musobaqada g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik harbiylar munosib kutib olindi

0
3318

Oʻzbekiston harbiylari Pokistonda oʻtkazilgan “Jamoa ruhi” xalqaro armiya oʻyinlarida bosh sovrinni qoʻlga kiritgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bugun, 13-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportida yurtimiz sha’nini xalqaro maydonda munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilarimizni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik harbiylar qator xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Birgina o‘tgan yili o‘tkazilgan “ArMI – 2022” Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari 7 ta oltin, 10 ta kumush, 5 ta bronza medallariga ega bo‘ldi. Shuningdek, 22 ta shaxsiy va jamoaviy rekord natijalar qayd etilib, 37 davlat ichida umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagandi. Buyuk Britaniyada dunyoning 24 ta davlatidan kelgan 144 ta jamoa o‘rtasida o‘tkazilgan “Kembriya patruli”da ham faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

2023-yilning 1-martidan 13-martiga qadar Pokiston Islom Respublikasida VI “Jamoa ruhi” xalqaro musobaqasi (6-th International PATS Competition) AQSH, Marokash, Iroq, Qatar, Iordaniya kabi 11 davlat oʻrtasida oʻtkazildi. Bahslar yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi razvedka bo‘linmalari 1-oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlarni Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston va Tailand jamoalari band etishdi.

Oʻzbek harbiylari Pokistonning issiq va qiyin sharoitlarida oʻz mahoratini koʻrsata oldi. Vakillarimiz aloqa tayyorgarligi, harbiy topografiya, otish va tibbiy tayyorgarlik, maxsus signallar berish va optik vositalarni qoʻllash, notanish hududlarni rekognossirovka qilish boʻyicha nazorat mashgʻulotlarida oʻta aniqlik bilan harakat qilib, yuqori muvaffaqiyatga erishdi.

Yurtning muzaffar oʻgʻlonlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, harbiy xizmatchilar, g‘oliblarning oila aʼzolari hamda jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Davlatimiz va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari qudratini yana bir dunyoga tanitgan oʻgʻlonlarga milliyligimiz ramzi boʻlmish toʻn va do’ppi kiygizildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti